S.DJANNINI: OʻZBEKISTONDAGI OLIY VA PROFESSIONAL TAʼLIM XALQARO DARAJAGA KOʻTARILMOQDA

Bugun, shuningdek vazir A.Toshqulov YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha II Butunjahon konferensiyasi doirasida YUNESKO Bosh direktorining taʼlim masalalari boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Djannini xonim bilan ham uchrashib, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Dastlab, mehmon respublikamizda oxirgi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oliy va professional taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi. Xususan, oliy oʻquv yurtlari sonining oshgani, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan xamkorlik, qoʻshma taʼlim dasturlari, respublika OTMning kredit-modul tizimiga oʻtishi, ularga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik berilgani alohida taʼkidlandi.

“Islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad – aholining oliy taʼlimga boʻlgan ehtiyojini qondirish va Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini xalqaro taʼlim makonida munosib oʻrin egallashini taʼminlashdir”, – dedi A.Toshqulov.

Oʻz navbatida, Stefaniya Djannini xonim YUNESKO bilan oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik haqida soʻz yuritar ekan, shu paytgacha aloqalar muvaffaqiyatli boʻlganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Bugungi kunda YUNESKO bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning qishloq joylarida ishga joylashish koʻnikmalarini rivojlantirish” va “Oʻzbekistonda taʼlimni isloh qilish siyosatini amalga oshirish uchun dalillarga asoslangan siyosat ishlab chiqish va rejalashtirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, respublika OTMlarida hozirgi kunda 7 ta YUNESKO kafedralari faoliyat yuritmoqda. Bu kabi kafedralar uning YUNITVIN (“UNITWIN”) dasturi doirasida tashkil etilgan boʻlib, ular xalqaro hamkorlik va universitetlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Maʼlumot uchun, hozirda Oʻzbekiston 2011-yildagi YUNESKOning Tokio konvensiyasi (“Oliy taʼlim sohasidagi malakasini tan olish toʻgʻrisidagi Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy konvensiyasi”)ga qoʻshilishi uchun hujjatlar tayyorlanmoqda.

 

 

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan